Murojaatlar ortidagi taqdirlar

0
10019

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qabulxonasi. Bu yerda yigʻilgan fuqarolarning nigohlari, goʻyo, bir-birlariga savol yoʻllayotgandek. Ularni bu yerga yurtimizdagi islohotlarga ishonch, fuqarolar murojaatiga munosib javob, katta umid hissi yetaklab kelgani rost. Bu dargoh mutasaddilari ham tashrif buyuruvchilarni kemtik koʻngil bilan qaytarmaslik harakatida. Shu maqsadda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev tegishli bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari bilan birgalikda har bir fuqaroning murojaatini atroflicha oʻrganib chiqib, shu joyning oʻzida yechimi boʻyicha amaliy yordam berdilar.

Aslida inson huquqlarining taʼminlanishi har qanday davlatdagi demokratiya darajasini belgilovchi muhim omillardan biridir. Shu bois yurtimizda davlat miqyosida aholining hu­quqiy ongi va madaniyatini oshirish, inson huquqlarini himoya qilishga jiddiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Asosiy qonunimizda inson huquqlari bilan bogʻliq masalalar birinchi oʻringa koʻtarilib, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan hu­quqlari va erkinliklari taʼminlanishi qatʼ­iy belgilab qoʻyilgan.

Odamlarning dunyoqarashi bundan oʻn-oʻn besh yil oldingisidan butkul farq qiladi. Murojaatlarning koʻpayayotgani ham ularning huquqiy ongi oshib borayotganidan dalolat beradi. Murojaatlar shunchaki kimningdir hayolida paydo boʻlib qolgan savollar emas. Har bir taklif bildiruvchi asoslangan fikrlariga tayanadi.

Murojaatlarning ayrimlari harbiy xizmatga qayta tiklash masalasida boʻldi. Hali kontraktni buzib, fuqarolik hayotiga oʻz xohishlari bilan qaytganiga olti oy boʻlmaganlar qayta tiklanish taraddudida. Farzandining xizmat joyini oʻziga yaqinroq hududga oʻzgartirish ilinjidagi ota-onalar, ijtimoiy himoya, tibbiyot, uy-joy bilan taʼminlanish borasida murojaat qiluvchilar ham bor. Baʼzilari tegishliligi boʻyicha yoʻnaltirildi. Qonunga koʻra hal qilish imkonsiz murojaatlarga tushuntirish ishlari olib borildi.

Muhimi, ularning aksariyati oʻzining ijobiy yechimini topdi. Zero, har bir ijobiy hal qilingan murojaat ortida insonlar taqdiri, Vatan yuksalishi, daxldorlik tuygʻusining ortishiga ulanib ketadi. Shu kuni nigohli savollar sevinchdan porlagan, xushxabarlarni yaqinlariga yetkazishga oshiqqan koʻngillarga almashdi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti