Surxondaryoda “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
3767

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Vatanimiz mudofaa qudratini mustahkamlab, armiya va xalq birligini ta’minlash  tamomila yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonda tinchligimiz himoyachilari ishtirokida harbiy qismlar, mahallalar, ta’lim muassasalarida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlarda yosh avlod zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizning mudofaa qobiliyati haqida aniq tasavvurlarga ega bo‘lmoqda. Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizoni boshlig‘i rahbarligida Jarqo‘rg‘on tumanidagi 36-umumta’lim maktabda o‘tkazilgan “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik festivali ham o‘g‘il-qizlarni Vatanga muhabbat, yurtimizga sodiq qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Festival orkestr kuy sadolari ostida harbiy qism “Vatanparvarlik” karvonining ko‘chalar bo‘ylab yurishidan boshlandi. Mazkur maktabda besh yuzga yaqin o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Harbiy qism bilan keyingi yillarda o‘rnatilgan mustahkam aloqalar o‘quvchilarning vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlab, chuqur bilim olish, jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishga undamoqda.

Ta’lim muassasamizda o‘quvchilarning barkamol ulg‘ayishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori Panji Haydarov, so‘nggi yillarda tinch turmushimiz himoyachilari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tadbirlar o‘quvchilarning harbiy kasbga bo‘lgan qiziqish va intilishini yanada oshirmoqda. Mana, o‘tgan yili bitiruvchilarimizning uch nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bu yilgi bitiruvchilarimizning yetti nafari harbiy bo‘lish istagini bildirgan. Bularning barchasi armiya va xalq birligi ta’minlanayotganining amaldagi samarasidir.

Harbiy vatanparvarlik festivali doirasida harbiy xizmatchilarning o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Ma’rufjon Olimov Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchiar va ularning oila a’zolariga yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari hususida atroflicha ma’lumot berdi. Shu kuni o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq javoblar olishdi.

 – Shu yil o‘qishni tugataman, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Najmiddin Norbekov, bolaligimdan harbiy bo‘lishga ishtiyoqim bor. Ota-onam ham ofitser bo‘lishimni xohlashadi. Shu maqsadda a’lo baholarga o‘qiyapman. Harbiylar hayoti va harbiy texnikalarimiz bilan yaqindan tanishayotganimiz o‘z orzuim va ota-onam istaklarini ruyobga chiqarishga undamoqda. Bugungi tadbir bu ishtiyoqimni yanada mustahkamladi.

Yoshlarning harbiy xizmatchilar hayotini o‘rganishida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan festival davomida harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari, shuningdek harbiy orkestr jamoasi va havaskor harbiy baxshilar, hofizlar dostonlardan parchalar, terma va diltor qo‘shiqlar ijro etilib, maktab o‘quvchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni