Qurolli Kuchlar miqyosida mohir merganlar bellashmoqda

0
5453

Sharqiy harbiy okrugning “Gʻurumsaroy” dala-oʻquv maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari miqyosida “Eng ilgʻor mergan” musobaqasi boshlandi.

Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyaning tegishli qarori asosida tashkil etilgan musobaqada ushbu vazirlik va idoralarning mergan mutaxassislari “Yakka tartibdagi sinov”, “Juftlikdagi sinov”, “Jamoa sinovi” va “Kim chaqqon?” shartlari asosida bellashadilar.

Musobaqa avvalida dastlab ishtirokchilarga nishonlar joylashuvi maydoni va nishonlar tanishtirildi. Soʻng qurʼa tashlanib, jamoalarning oʻq otish marrasida joylashish ketma-ketligi va mashqni bajarish navbati aniqlandi.

Musobaqani xolis va shaffof tarzda oʻtkazish, barcha ishtirokchilar uchun teng, bir xil obyektiv sharoitlar yaratilishini taʼminlash maqsadida hakamlar hayʼati, mashgʻulot rahbarlari, jamoa murabbiylari ishtirokida nizom talablari boʻyicha brifing hamda jamoalarni tanishtirish boʻyicha mandat oʻtkazildi.

Kuch tuzilmalarining mutasaddi rahbarlari, hakamlar hayʼati aʼzolari, ishtirokchi jamoalar ishtirok etgan tadbirning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi sogʻlom raqobat va hamkorlik munosabatlariga asoslangan, zamonaviy harbiy anʼanalarga ega boʻlgan qoʻshinlarni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Musobaqaning “Yakka tartibdagi sinov” deb nomlangan ilk shartida mohir merganlar individual tarzda sinovlarni bajarishga kirishdi. Natijalar teng boʻlgan taqdirda “Kvalifikatsiya” mashqi asosida nishonlarga tekkan oʻqning eng yaxshi natijasi ustunlikni qoʻlga kiritadi.

– Ushbu musobaqani oʻtkazishdan maqsad soha mutaxassislarining kasbiy malakasini mustahkamlash boʻyicha ilgʻor tajribalarni almashish va harbiy xizmat nufuzini oshirishdan iborat, – deydi polkovnik Jamoliddin Aliqulov.

Eslatib oʻtamiz, ushbu nufuzli musobaqa Mudofaa vazirligi mezbonligi va umumiy rahbarligi ostida oʻtkazilmoqda.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti