Regbi musobaqasida Mudofaa vazirligi jamoasi g‘olib

0
5231

Qurolli Kuchlar miqyosida regbi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik kubogiga start berilgani haqida avval xabar bergan edik.

Unda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya jamoalari bir necha kun davomida qizg‘in kurash olib bordilar. Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda yurtimizda mazkur sport turiga bo‘lgan qiziqish va e’tibor ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining chiqishi esa jarayonni yanada jadallashtirib yubordi.

Regbini yanada ommalashtirish, ushbu sport turi bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar allaqachon o‘zining natijalarini bera boshladi. Joriy yil Fransiyada harbiylar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatida eng kuchli jamoalar safida vakillarimizning ham ishtirok etishi kutilayotgani fikrimizning dalilidir.

Musobaqani kuzatib borgan O‘zbekiston Regbi Federatsiyasining raisi, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘nggi yillarda davlat miqyosida e’tibor qaratilayotgan ushbu musobaqa milliy an’analarimizga nihoyatda mos bo‘lib, mardlik, tezlik, jasorat va kuchli irodani tarbiyalovchi, ayniqsa, harbiy xizmatchilar uchun muhim sport turi ekanini ta’kidladi.

Mazkur turnirning Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya jamoalari o‘rtasidagi final musobaqasi qizg‘in va keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Nihoyat, o‘yin yakuniga ko‘ra 36:20 hisobida Mudofaa vazirligi jamoasi g‘olib bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlarga diplom, kubok va faxriy yorliqlar O‘zbekiston Regbi Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Kapitan Aziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti