Yozgi biatlon musobaqasi gʻoliblari taqdirlandi

0
6422

Xabar berganimiz – yaqinda start olgan Mudofaa vazirining kubogi uchun Yozgi biatlon musobaqasi va Yozgi biatlon boʻyicha yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati poyoniga yetdi.

Oʻtgan galgi kichik reportajimizda musobaqa ishtirokchilari haqida batafsil maʼlumot bergandik. Bu gal ularning qanday shartlarda bellashganliklari haqida toʻxtalsak. Sprint musobaqasida erkaklar 4 km, ayollar 3 km masofaga kross yugurish davomida yotgan va tik turgan holatda otish mashqini bajardilar. Otish mashqida ochilib-yopiladigan 5 ta doiradan iborat nishonlar moʻljalga olindi. Har bir nishonga tegmagan oʻq uchun 70 m qoʻshimcha yugurish (jarima) belgilangan.

Pasyut musobaqasida erkaklar 6 km, ayollar 5 km masofaga kross yugurish davomida 2 marotaba yotgan va 2 marotaba tik turgan holatda otish mashqini bajardilar. Individual poyga musobaqasida erkaklar 7 km, ayollar 6 km masofaga kross yugurish davomida navbati bilan tik turgan, yotgan va tik turgan holatlarda otish mashqini bajardilar.

Bir necha kun davom etgan qizgʻin doʻstona kurashlar natijasida sprint musobaqasida qiz bolalar orasida Nafosat Muhammadjonova (Markaziy harbiy okrug), oʻgʻil bolalar orasida Begzod Boymatov (Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug) 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Pasyut musobaqasida qiz bolalar orasida Eʼzozaxon Hoshimova (Markaziy harbiy okrug), oʻgʻil bolalar orasida Ahror Mahmudaliyev (Sharqiy harbiy okrug) gʻolib boʻldi. Individual poyga musobaqasida qiz bolalar orasida Tamila Qoʻchqarova (Namangan viloyati), oʻgʻil bolalar orasida Ahror Mahmudaliyev (Sharqiy harbiy okrug) eng kuchli deb topildi.

Mudofaa vaziri kubogi esa Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug vakillariga nasib qildi. Gʻolib va sovrindorlarga medal, Faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalarni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Qodir Tursunov, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda jamoatchilik vakillari tantanali surʼatda topshirdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, Faxriy qorovul, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha chiqishlari musobaqaga bayramona ruh bagʻishladi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti