«Turon» davlat harbiy teatri aktyorlari Surxondaryodagi harbiy xizmatchilar davrasida  

0
5714

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning dunyoqarashi, siyosiy ongi, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori mas’uliyat hislarini oshirish maqsadida hududlarda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda olib borilayotgan tadbirlar ko‘lami kengayib bormoqda.

Shu kunlarda Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi “Turon” davlat harbiy teatri jamoasi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi tasarrufidagi garnizonlarda gastrol safarida bo‘lib, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini dam olish kunlarini mazumunli o‘tkazishida hissa qo‘shmoqda.

Jumladan, Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun teatr aktyorlari tomonidan “Qirq qokilli kelinchak” spektakli namoyish etildi. Ushbu spektakl yozuvchi Shahodat Isaxonovaning shu nomli hikoyasi asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, millatimizga xos go‘zal udumlar, o‘lmas qadriyatlar ziynatini o‘ziga xos tarzda tarannum qiladi.

Darhaqiqat, «Turon» harbiy teatri jamosi o‘z sahna asarlari bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qilib kelmoqda.  

Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy ko‘ngilochar tadbirlar Janubiy operativ qo‘mondonligining boshqa garnizonlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni

.