Triatlon: matonat va chaqqonlik bahsi

0
663

Poytaxtimizda sprint masofasida triatlon boʻyicha Osiyo va Oʻzbekiston kubogi oʻtkazildi. Qitʼa kubogida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridan sportchilar ishtirok etishdi. Kuzning ilk yomgʻiri. Hali koʻpchilik yopinchiq olishga ham koʻnikkani yoʻq. Sovqotganlar ham sezdirmaslikka tirishadi. Faqat ivib ketmasa bas. Axir noqulay ob-havo sharotiga qaramasdan musobaqa ishtirokchilari sal kam bir kilometr (750 m) masofani suzib oʻtishayapti. Shu bilan kifoyalansa ham mayli. Suvdan chiqishlari bilan navbatdagi shart – velosipedda 20 kilometr masofani shiddat bilan bosib oʻtishga jiddu jahd qilishadi. Bunga ham toqatlari yetganlarni 5 kilometr yugurish sharti kutib turardi. Shu maʼnoda musobaqani rosmana chidam va chaqqonlik bahsi boʻldi, deyish mumkin.

– Bu kabi musobaqalar odamni har tomonlama toblaydi, oʻziga ishonchini oshiradi. Kamchiliklarni bilib olish imkoniyatini beradi. Boshqalarning ustunlik jihatlari va shugʻullanish uslublarini oʻrganishga ham yaxshi imkoniyat. Toʻgʻri bu musobaqada mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kirita olmadim. Lekin orzuimdagi gʻalabalar sari bir bosqich boʻldi, deb ishonch bilan ayta olaman, – deydi ishtirokchilardan biri Doniyorxoʻja Hamroyev.Ikki kun davom etgan qizgʻin bahslarda insof bilan aytganda, aslida barcha ishtirokchilar gʻolib. Faqat ularning eng kuchlilari saralandi.

Unga koʻra erkaklar oʻrtasida U23+ toifasida toshkentlik Aleksandr Kurishov, U23 toifasida qashqadaryolik Arslon Tursunov, U19 toifasida qashqadaryolik Ikromjon Umarov birinchilikni qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida esa U23 toifasida qashqadaryolik Sevara Boboqulova, U19 toifasida esa jizzaxlik Maftuna Pardayeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti