Amir Temurga ehtirom

0
5805

Yurtimiz bo‘ylab Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 686 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida «Sohibqiron Amir Temurga ehtirom» shiori ostida ma’naviy ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Ozoda Rahmatullayeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Anvar Jabborov, Mudofa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlarning buyuk ajdodimizga bo‘lgan hurmat, faxrlanish hissi hamda unga munosib avlod bo‘lishga undovchi chiqishlari va qiziqarli ma’lumotlari tinglandi. Jumladan, shoir Anvar Jabbor va tarix fanlari dotsenti Ozoda Rahmatullayeva tomonidan Amir Temur lashkarlarining jangovor shayligi, davlat siyosati va turli xil harbiy taktikalari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, «Turon» davlat harbiy teatri aktyor va aktrisalari buyuk sohibqironning mardlik va jasurlik fazilatlarini qisman bo‘lsa ham ochib beruvchi sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi.

Shu kuni harbiy qismda Qurolli Kuchlar davlat muzeyining Temuriylar davriga oid ko‘chma eksponatlari ham namoyish qilindi. Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan ko‘y va qo‘shiqlar barchada iliq taassurot qoldirdi.  

Muattar MELIYEVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti