Amir Temur – mardlik va matonat timsoli

0
5695

Amir Temur — o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir. Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko‘tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ham ulug‘ sarkarda tavalludining 686 yilligi tadbirlari joylarda yuqori saviyada tashkil qilinmoqda.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan “Amir Temur – mardlik va matonat timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil qilindi.

Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi ilmiy xodimlari, Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari, Temurshunos olimlar va talaba yoshlar taklif qilindi.

Ma’naviy-ma’rifiy kechada taklif qilingan mehmonlarning “Amir Temur — buyuk sarkarda va davlat arbobi”, “Sohibqiron dahosiga yuksak ehtirom” kabi mavzularida qiziqarli ma’ruzalari tinglanib, buyuk sarkarda ko‘rsatgan jasoratlar aks ettirilgan maxsus hujjatli film namoyish qilindi. Ayniqsa, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining bir guruh iqtidorli talabalari tomonidan ijro qilingan badiiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, tadbir davomida Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan adabiyotlar ko‘rgazmasi hamda badiiy-publitsistik qo‘lyozmalar jamlangan kitoblar yarmarkasi ham tashkil qilindi.

 Bu kabi tadbirlarning keng qamrovda o‘tkazilishi Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati va uni ulg‘aytirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilarida buyuk ajdodlarimiz siymosiga bo‘lgan hurmatni, shuningdek, ularga nisbatan faxrlanish tuyg‘usi va milliy g‘ururni yanada oshirishda o‘z samarasini bermasdan qolmaydi.

 Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti