Zangiotada “Keksalar haftaligi” keng qamrovda o‘tkazildi

0
786

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiylar hamda Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari ishtirokida “Keksalar haftaligi” doirasida nuroniy otaxon va onaxonlarni yo‘qlash,  ularning holidan xabar olish tadbirlari, mavzuga doir turli uchrashuvlar ko‘lami g‘oyat ortdi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Vatanparvar”  mahallasida navbatdagi keksa avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ham yorqin taassurotlarga to‘la bo‘ldi.

Bunday deyishimizga sabablar bor, albatta. Jumladan, tadbir keng qamrovda o‘tkazilib, unda dastavval shaxmat hamda shashka bo‘yicha “Keksalik zavqi” nomli sport musobaqalari o‘tkazildi. Bundan tashqari keksalarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun Mudofaa vazirligi Maxsus-avariya tiklash boshqarmasi “Impuls” harbiy ansambli xonandalari ishtirokida “Keksalar hamisha e’zozda” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir ham bo‘lib o‘tdi. Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz salomatligiga befarq bo‘lmagan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham shular sirasiga kiradi.

Shuningdek, tadbirning davomi sifatida Mudofaa vazirligi Maxsus-avariya tiklash boshqarmasi xodimlari, Zangiota tumani nuroniylari hamda o‘quvchi yoshlar birgalikda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga tashrif buyurdi. Sayohatning qiziqarli, ayni damda, zavqli tomoshalarga boy bo‘lganini suratlar orqali anglab olish qiyin emas.

Sarvinoz QURBONOVA,
O‘zJOKU Harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi