Toshkentda askarlar harbiy xizmatga kuzatildi

0
5171

Toshkent shahri Mudofaa ishlari boshqarmasida chaqiruv sinovlari va tibbiy koʻrikdan muvaffaqiyatli oʻtgan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Poytaxtimizning Chilonzor, Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod va Uchtepa tumanlari mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan saralab olingan askarlikka nomzodlar erta tongdan yigʻin punktiga yetib kelishdi. Xizmatga layoqatli deb topilgan yigitlar bu yerda ilk marta harbiy kiyimlarni kiyib, guruhlar boʻyicha saf maydoniga saflanishdi.

Askarlarni harbiy xizmatga kuzatish tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi Toʻlqinjon Karimov, Toshkent harbiy okrugi qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Laziz Usmonov, Qurolli Kuchlarining faxriy generallari va boshqalar soʻzga chiqib, yigitlarga muddatli harbiy xizmat davomida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.

Tadbirning rasmiy marosimi yakunlandan soʻng askarlarga yaqinlari bilan xayrlashishga ruxsat berildi. Farzandlarini harbiy kiyimda koʻrish, yigitlik burchini oʻtashdek sharafli xizmatga kuzatish uchun yetib kelganlar yuzlab askarlar orasidan oʻzlariga yaqin insonni qidirib topishlarini oʻzgacha hayajonli holat deyish mumkin.

Qidirgan kishisini topganlar esa harbiy kiyimdagi yigitlarni koʻrib, havasdan, faxrdan, quvonchdan boshlari koʻkka yetdi. Negaki, ular endi Vatanimiz himoyachisi, tinchlik va osoyishtaligimiz qoʻriqchisi boʻlib ulgʻayishgandi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti