“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Jizzax viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi

0
4858

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda Jizzax viloyatidagi umumtaʼlim maktablarining 10—11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida Jizzax viloyatidagi shahar va tumanlardan gʻolib boʻlgan jami 14 jamoa ishtirok etdi. Ushbu musobaqaning dastlabki bosqichlari Jizzax viloyatidagi shahar va tuman mudofaa ishlar boʻlimi tomonidan 500 dan ortiq umumta’lim maktablarida oʻtkazildi.

Musobaqa shartlariga koʻra, oʻquvchi yoshlar “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Safda qoʻshiq aytish” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi qator yo‘nalishlar boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda yoshlar birinchilikni qoʻlga kiritish bilan birga, turli nominatsiyalar uchun ham oʻzlarining kuch va bilimlarini nomoyon etishdi. Jumladan, “Mohir mergan” shartida Zomin tumani 15-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sobira Almurodova 89 ochko bilan mutlaq gʻolib deb topilgan boʻlsa, “Temur tuzuklari bilimdoni” bahslarida birinchilik Gʻallaorol tumani 26-sonli maktab oʻquvchisi Said Abduqodirovga nasib etdi. Musobaqa davomida “Eng kuchli sportchi” deya Jizzax shahridagi 21-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Jalol Ergashev barchaning birdek ovozi bilan munosib deb topildi.

Musobaqa yakuniga koʻra, faxrli 3-oʻrinni Arnasoy tumanidagi 20-sonli umumtaʼlim maktabining “General” jamoasi, 2-oʻrinni Jizzax shahridagi 21-sonli maktabning “Matonat” jamoasi va faxrli 1-oʻrinni Jizzax shahridagi 25-sonli umumtaʼlim maktabining “Temuriylar izdoshi” jamoasi egalladi.

Viloyat bosqichining tantanali taqdirlash marosimida okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, xalq taʼlim boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Unda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov ushbu musobaqalarning Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686-yilligi arafasida oʻtkazilayotgani yoshlar uchun ajdodlarga munosib avlod boʻlish kabi tuygʻularni shakllantirishga va eng muhimi ularni jismonan barkamol avlod sifatida voyaga yetishishlarida muhim rol oʻynashini ta’kidladi.
Shuningdek, gʻolib jamoaning Respublika bosqichiga tayyorgarlik koʻrishi uchun ushbu harbiy qismda barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi haqida soʻz yuritdi.

Musobaqa va nominatsiya gʻoliblari Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining kubogi, diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okurg matbuot xizmati