Kattalarni hayratlantirgan bolajonlar

0
3379

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 42-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida «Yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash burchimizdir!» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi faxriylari, Sergeli tuman hokimiyat vakillari, tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda tumandagi yettita maktabgacha ta’lim tashkilotidan tashrif buyurgan bolajonlar o‘zlarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan mehmonlarni xushnud etishdi.

Bugungi kunda kattalar tomonidan yo‘l qoidalarining buzilish holatlari ko‘p uchrayotganligini inobatga olgan mutasaddilar ko‘nikmani bog‘cha yoshidan shakllantirish kerakligiga urg‘u berishdi. Bolajonlar ishtirokidagi «Yo‘l qoidasi – umr foydasi» mavzusidagi ko‘rgazmali chiqish ham xuddi ana shunday xatoliklarni oldini olishga qaratildi. Muassasaga tashrif buyurgan mehmonlarning birlamchi yo‘l belgilari bo‘yicha bergan savollariga bolajonlar tomonidan juda aniqlikdagi sodda va samimiy javoblar berildi.

Shu kuni bolajonlar «Yashil makon» umummilliy loyihasiga Mudofaa vazirligi faxriylar kengashi a’zolari bilan birgalikda tashkilot hovlisiga ko‘chatlar o‘tqazish bilan o‘z hissasini qo‘shishdi. Daraxtlarning tabiatga foydali ekanligi, ularni qancha ko‘paytirsa ekologiya toza bo‘lishini o‘z tillarida, bolalarcha toza tuyg‘ular orqali kattalarga tushintirishdi.

Harbiy xizmatchining kiyimi va uning faoliyatiga havas qilmaydigan bola bo‘lmasa kerak. «Botirjonlar» to‘garagi ham xuddi ana shunday havasmand bolajonlarni o‘zida jamlaganligi, ularning saf yurishlari va harbiylarga xos ko‘rgazmali chiqishlarida o‘z aksini topdi. Vatan madhini tarannum etuvchi qo‘shiqni jonli ijroda kuylash orqali mashg‘ulotlar o‘tkazgan harbiy libosdagi bolajonlar mehmonlarning hayajonli olqishlariga sabab bo‘ldi.

Shuningdek «O‘z yurtimga fido bo‘laman», «Til bilgan elda aziz», «Sog‘ tanda sog‘lom aql», «Zumradoylar davrasida» kabi to‘garak a’zolari bo‘lgan bolajonlarning chiqishlari ham tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Sherzod ShARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti