Nuriston qoʻrgʻonida ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi

0
3363

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda 500 nafardan ortiq yoshlar qamrab olingan ochiq eshiklar kuni tadbiri tashkil etildi.

Dastlab yoshlar harbiy okrug qoʻmondoni bilan harbiy qism boʻylab sayohat qilishdi. Sayohat davomida sharafli kasb egalarining masʼuliyatli xizmati haqida boʻlib oʻtgan samimiy suhbat va muloqotlar, harbiy qism kutubxonasi, tarixni jonlantirgan Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik xonalarida kechgan suhbatlar yosh mehmonlarni yurtga sadoqatli farzand va bobolarga munosib avlod boʻlishga undab, ularning kelajak uchun javobgarlik hissini yanada oshirdi.

Shu kuni yoshlar saf maydonining bir nechta oʻquv nuqtalarida tashkil etilgan harbiy texnika va qurol-aslaha koʻrgazmasini ham tomosha qilib, ularning texnik tasniflari haqida tegishli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Shundan soʻng yoshlar harbiy qism hududida turli sport musobaqalariga jalb etildi. Harbiy estafeta, milliy kurash, futbol, voleybol, arqon tortish kabi bellashuvlarda kuch, tezlik va mahorat namoyish etilgan boʻlsa, sportning shaxmat-shashka oʻyinlari aql va zehn kamoloti uchun xizmat qildi. Tabiat qoʻynida koʻp yillik hayot tajribasiga ega nuroniylar va Qurolli faxriylari bilan boʻlib oʻtgan samimiy davra suhbatda esa yoshlar oʻzlari uchun foydali maʼlumotlarga boy boʻlishdi.

Harbiy qism boʻylab uyushtirilgan sayohat, harbiy xizmatchilar bilan boʻlgan qiziqarli suhbatlar, turli sport musobaqalari va oʻyinlar nuristonlik yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti