Yaxshidan bog‘ qoladi

0
3788

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” loyihasi barcha hududlarda jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Hududlarni koʻkalamzorlashtirish, mevali va manazarali daraxt koʻchatlarini ekish, ona Vatanimizda bogʻu rogʻlarni, yashil hududlarni koʻpaytirish ishlari davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Donishmand xalqimiz bejizga yaxshidan bogʻ qoladi, demagan. Hamma makon va zamonlarda ham yaxshi insonlardan faqat va faqat ezgu amallaru yashnab turgan bogʻlar qolgan.

Toshkent viloyatida joylashgan Qizil togʻ (Krasnagorsk) hududidagi betakror tabiat avvaldan xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb qilib kelgan. Endi bu yerga keluvchi mehmonlar soni keskin oshishi turgan gap. Boisi, Mudofaa vazirligi hududdagi 500 gektar maydonga hashar yoʻli bilan turli mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazib, bu yerda ulkan bogʻ barpo etishni niyat qilgan. Hozirda ushbu jarayon qizgʻin davom etmoqda. Koʻchatlar ekib boʻlingach, ular tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida sugʻoriladi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparati xodimlari ham ushbu xayrli ishdan chetda qolish niyatida emas. Ular ham keng maydonda yaxshi niyatlar bilan koʻchat oʻtkazyapti.

Bobo dehqonlar bilan suhbatlashib qolsangiz, ular bahorgi bir kunni hosil yigʻib olinadigan davrning oʻn kuniga teng kelishini aytadi. Chunki hozir urugʻ va koʻchatlar qancha tez yerga qadalsa, uning hosili va yetilishi shunchalik tezlashadi. Buni teran anglagan harbiylar har bir lahzani gʻanimat bilib, javlon uryapti.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti