Toshkentda mehnat yarmarkasi tashkil etildi

0
2567

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti hududida “Oʻqishga va ishga marhamat” shiori ostida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Oliy harbiy taʼlim muassasalari, tashkilot va mudofaa ishlar boʻlimlari, shuningdek, respublikamizda faoliyat yuritayotgan Oliy taʼlim muassasalari, korxonalar hamda yirik tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.

Yarmarkada 10 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlar bilan ishtirok etgan tashkilotlar oʻzlarining koʻrgazmali hamda tarqatma materiallari orqali talabalarga ish oʻrinlari haqida tavsiyalar va maʼlumotlar berib, soha yoʻnalishlari boʻyicha suhbatlar oʻtkazishdi.

Mazkur yarmarkada oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 3000dan ortiq talaba ishga joylashish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, texnika muhandisligi yoʻnalishi boʻyicha 3-bosqichni tamomlagan 250 ga yaqin talaba Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga oʻqishga kirish boʻyicha arizalar toʻldirdi.

Shu kuni yarmarka davomida ishtirokchilar uchun Maxsus avariya tiklash boshqarmasining “Impuls” harbiy ansambl jamoasi xonandalari ijrosida Vatanni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi va faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari hamda harbiy texnikalar koʻrgazmasi namoyish etildi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti