Muddatli harbiy xizmatchilarga tavsiyanomalar topshirildi

0
3477

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalari topshirilmoqda.

Xususan, 1-aprel kuni Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda tavsiyanomalarga ega bo‘lgan hamda namunali harbiy xizmatni o‘tagan muddatli harbiy xizmatchilar taqdirlandi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ishtirok etib, barchani kelgusi faoliyatlarida omad va zafarlar yor bo‘lishni tilab qoldi.

Shuningdek, Jizzax garnizonida yigitlik burchini oʻtab, muddatli harbiy xizmatni yakunlayotgan askarlarni uylariga kuzatishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar oʻz xizmat majburiyatlarini sidqidildan bajargan askarlarga oʻz minnatdorchiliklarini bildirib, Vatan, el-yurt uchun jonkuyar, fidoyi inson boʻlib qolishlarini tilashdi.

Tantana davomida muddatli harbiy xizmatchilarga ham harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalari topshirildi.

Yuqori qoʻmondonlikdan qoʻyilgan oʻquv-jangovar va maxsus topshiriqlarni bajarishda fidoyilik qoʻrsatgan, harbiy xizmatni oʻtash davrida barchaga namuna boʻlib kelgan askarlarning ota-onalariga harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining tashakkurnomasi hamda faxriy yorliqlar topshirildi.

Tadbir yakunida harbiy orkestr jamoasi hamda tuman madaniyat boʻlimining konsert dasturi namoyish etilib, askarlarning armiyadagi soʻngi kunida bayramona kayfiyat ulashildi.

Ta’kidlash kerakki, muddatli harbiy xizmatchilarga tavsiyanomalarni topshirish marosimlari barcha harbiy okruglar harbiy qismlarida tantanali ravishda o‘tkazilmoqda.