Mudofaa vaziri oʻrinbosari Jizzaxda yosh vatanparvarlar bilan uchrashdi

0
3240

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda harbiy xizmatchilarning mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda vazir oʻrinbosari harbiy xizmatchilarning oʻtgan yillar davomida erishilgan yutuqlarni alohida eʼtirof etib, joriy yilgi respublika hamda Xalqaro armiya oʻyinlariga tayyorgarlik ishlari xususida toʻxtalib, erishiladigan yutuqlarning negizida Vatan shaʼni, or-nomusi turganligini, gʻalaba esa butun oʻzbek xalqining gʻururi va iftixoriga aylanishini, qolaversa, xar bir gʻalaba munosib qadrlanishi haqida soʻzlab, yurt oʻgʻlonlariga kuch, gʻayrat va shijoatni yanada oshirish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

Shundan soʻng, mudofaa vaziri oʻrinbosarining harbiy qismda oʻtkazilayotgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini” ishtirokchilari bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda vazir oʻrinbosari mamlakatimizda yosh avlodni salohiyatli qilib tarbiyalashga juda katta eʼtibor berilayotgani va ularga keng koʻlamdagi imkoniyatlar yaratilayotgani haqida tegishli maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, yoshlarga yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni qadriga yetish va yurtimiz ravnaqi yoʻlida vatanparvar inson boʻlish lozim ekanligi taʼkidlanib, vatanparvarlik tuygʻusini faqat harbiy xizmatchi boʻlib emas, balki barcha sohada namoyon etish hamda buning uchun bilimli va jismonan baquvvat komil inson boʻlish lozimligi tushuntirib berildi.

Ochiq va samimiy tarzda oʻtgan uchrashuv davomida yigʻin ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga tushuntirishlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida tegishli maʼlumotlar yetkazilib, ular bilan mashgʻulotlar koʻlamini kengaytirish, muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan va vaqtincha ishsiz boʻlgan yoshlarga shart-sharoitlar yaratish borasida alohida ishchi guruh tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati