“Do‘stlik-2022”: milliy qadriyatlarimiz hindistonlik harbiylarda katta taassurot qoldirdi

0
2370

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida ilk marotaba oʻtkazilayotgan xalqaro miqyosdagi qoʻshma taktik oʻquv doirasida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtlarda Oʻzbekiston va Hindiston armiyalari vakillari turli madaniy-maʼrifiy, koʻngilochar hamda sport tadbirlarida ishtirok etishmoqda.

Jumladan, hindistonliklar oʻzbekistonlik hamkasblari bilan birga Navroʻz bayramining bosh taomi – sumalak pishirishda ishtirok etdilar. Xalqimizning tarixiy anʼana va urf-odatlari bilan asrlar davomida yashab kelayotgan qadriyatlarimiz hindistonlik harbiylarda katta taassurot qoldirdi.

Mehmonlar uchun Xorazm viloyati xonandalari hamda Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri jamoasi ishtirokida konsert dasturlari namoyish etilib, oʻzbek va hind tillarida quy va qoʻshiqlar kuylanmoqda.

Kalloriya va vitaminlarga boy oʻzbek milliy taomlari hindistonlik harbiylarga manzur boʻlib, ularga kuch-quvvat bagʻishlamoqda. Hindistonlik harbiylar ham oʻzbekistonlik hamkasblariga milliy madaniyati, urf-odat va anʼanalarini koʻrsatish maqsadida milliy taomlar koʻrgazmasini namoyish etdi. Oʻzbekistonlik oshpazlar bilan birga tayyorlangan saryogʻda pishirilgan joʻja, qoʻy goʻshtli rovanjosh, miksven, chana dal, bundi rita, rumali rotti, pani-puri, piyozli pakora, somsa, gulab jamun va guruchli kxir kabi milliy hind taomlarini pishirish uchun ishlatilgan ayrim masalliqlar mamlakatimizdan olingan boʻlsa, ayrimlari Hindistondan keltirilgan. Hindistonlik harbiylar tomonidan pishirilgan hind milliy taomlari ham oʻzbekistonlik ekspertlar tomonidan yaxshi baholandi.

Hindiston harbiy kontingenti shu yilning 31-mart kuniga qadar mamlakatimizda boʻladi. “Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind qoʻshma taktik oʻquvining asosiy bosqichi oʻtkazilishi 29-mart kuniga belgilangan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati