Jomboydagi “Saroy” mahallasi ahli va yoshlariga manzur boʻlgan gʻamxoʻrlik

0
5384

Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “Saroy” mahallasida joylashgan 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilar hamda mahalladagi yoshlar uchun chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinf xonasi hamda sport shaharchalari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Unda mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, tuman sektor rahbarlari, faxriylar hamda mahalladagi aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Dastlab mehmonlar hamda mahalladagi aholi va yoshlar ishtirokida harbiy orkestr sadolari ostida harbiy parad boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar Yangi Oʻzbekiston yoshlari — mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng koʻlamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi boʻlib maydonga chiqayotganligini va davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar oʻz bilim va salohiyatini namoyon etishlari uchun barcha sharoitlar va imkoniyatlar yaratilayotganligini taʼkidlashdi.

Shuningdek, mamlakatimizning kelajagi boʻlmish yoshlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli, eng muhimi vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularda milliy ruhni shakllantirishda xalq va armiya yakdil ekanligi, buning amaldagi isboti qilingan ishlarda yaqqol namoyon boʻlayotganligi aytib oʻtildi.

Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilari yoshlar uchun chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinf xonasi hamda sport shaharchalarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

– Men “Forish” togʻ poligonida sunʼiy toʻsiqlar yoʻlagini koʻrgan edim, – deydi chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi, rezervdagi mayor Bahriddin Kalonov. – Davlatimiz rahbari joriy yilda Samarqandga qilgan tashrifida tumanimizdagi aholi bilan muloqat qilgan edilar va unda men ushbu sunʼiy toʻsiqlar yoʻlagini maktabimizda barpo etishda amaliy koʻmak soʻrgandim. Shunga koʻra bu vazifani Mudofaa vazirligiga yuklagan edilar. Ushbu vazifanining ijrosini esa qisqa fursat ichida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi ado etdi va suʼniy toʻsiqlar yoʻlagidan tashqari, oʻquv sinfimni butunlay yangicha koʻrinishga keltirib, uning moddiy bazasini yangilashdi hamda maktabimizda prezidentimizning 5 ta muhim tashabbuslari, taraqqiyot strategiyasi, “Vatan – aziz, jasorat mangu!” va maktabimiz faxri kabi burchaklarni, qolaversa, tir majmuasini va yoshlarimizning barcha sport turlari bilan shugʻullanishlari uchun keng qamrovli sport shaharchasini barpo etishdi.

Ustoz xursandchiligidan davlatimiz rahbariga va yurt oʻgʻlonlariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari hamda tuman hokimi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, endilikda ushbu maktabdagi imkoniyatlardan birgina oʻquvchi yoshlar emas, balki mahalladagi yoshlar ham unumli foydalanishi lozimligini taʼkidlab, mahalla yetakchisi boʻlgan Javlonbek Abdumajidovga turli sport musobaqalarini oʻtkazish hamda oʻquv sinflarida mashgʻulotlarni tashkil etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berishdi.

Tadbir yakunida, mahalladagi aholi va yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etilib, unda faxriy qorovulning koʻrgazmali, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi sahnasi, zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahlar namoyishi hamda harbiy orkestr jamoasi va tuman madaniyat boʻlimining folklor jamoasi tomonidan konsert dasturlari taqdim etilib, bayramona kayfiyat ulashildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati