Nukusda o‘tgan MMA musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi Markaziy Osiyo g‘olibi bo‘ldi

0
1018

9-10-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida birinchi marta aralash jang san’atlari bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra 5 ta ishtirokchi davlatdan mamlakatimiz umumjamoa hisobida birinchi pog‘onadan joy oldi.

Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederatsiyasi (CAMMAC), O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan va mamlakatimiz sport olamida oktabr oyining eng nufuzli musobaqasi deya e’tirof etilgan ushbu chempionat 10 ta vazn toifasida o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan aralash jang san’ati ustalari ikki kun davomida g‘oliblik uchun kuch sinashib, mazkur sport turining jozibasini namoyon etishdi. Musobaqada qatnashgan 20 nafar vakilimizdan 7 nafari final bahslarigacha yetib keldi va O‘zbekistonda bu sport turi tobora ommalashib borayotganini qo‘lga kiritgan g‘alabalar bilan isbotladi.

Yurtdoshlarimizdan -56.7 kg vaznlilar o‘rtasida Jamshidbek Tillaboyev, -65.8 kg vaznda Shukurjon Rustamov, -77.1 kg.da Munis Mo‘minjonov, -83.9 kg vaznda Zokirjon Mamarasulov, 93 kg.da Husanboy Rahimov, -120.2 kg vazn toifasida Hasanboy Rahimov hamda +120.2 kg vaznlilar o‘rtasida Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi vakili Ixtiyor Xolmurodov raqiblarini mag‘lub etib, ilk bora o‘tkazilgan havaskor MMA yo‘nalishidagi musobaqada Markaziy Osiyo chempioniga aylanishdi.

Shuningdek, -52.2 kg.da Odil Sayfiddinov, -65.8 kg.da Farruxjon Olimjonov, -70.3 kg.da Daler Yuldashev, -77.1 kg.da Azizjon G‘ulomhasanov, -83.9 kg.da Axmet Smetullayev, -93 kg.da Ilyos Komilov, -120.2 kg.da Fayzullo Maxammatov, +120.2 kg vazn toifasida esa Hakimjon Ismoilov bronza medalini qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldi.

Umumjamoa hisobida 7 ta oltin va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan Qozog‘iston terma jamoasi joy oldi. Uchinchi pog‘onaga 4 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan Tojikiston terma jamoasi ko‘tarildi.

Chempionatning “Eng yaxshi jangchisi” nominatsiyasiga +120 kg vazn toifasida ajoyib jang texnikasi va yuqori natijalarni ko‘lga kiritgan vakilimiz Ixtiyor Holmurodov loyiq deb topildi.

Dadaxon Hasanov “Eng yaxshi hakam” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

Musobaqani kuzatish uchun kelgan xalqaro ekspertlar qatorida Xalqaro aralash jang san’atlari (MMA) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun ham ishtirok etdi.

Nufuzli chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari –O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Alisher Norboyev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, O‘zbekiston Respublikasi Turzim va sport vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mayor Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i