Qurolli Kuchlar akademiyasida Navroʻz shukuhi ikki karra xursandchilik ulashdi

0
3400

Bayramga alohida taraddud koʻrilgani Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi aʼzolarining yuz-koʻzlari, kiyinishi, tuzagan dasturxonlarida ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Milliy libos kiygan yigit-qizlar koʻpchilikning havasini keltiradi. Ayniqsa, bayramoldi tashkil qilingan sport musobaqalari gʻoliblarining taqdirlanishi ikki karra xursandchilik boʻldi.

Soʻzga chiqqanlar yurtimizga koʻklam kelib, butun borliq jonlangani, quyoshning hayotbaxsh taftidan kurtaklar uygʻongani, qir-adirlarda maysalar koʻkka boʻy choʻzgani, bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik yugurgani haqida toʻlqinlanib gapirdilar. Ulugʻ bobokalonlarimizning Navroʻz haqida aytilgan fikrlari yodga olindi.

Shu asnoda oʻtkazilgan “Bahor neʼmatlari” tanlovida “Eng chiroyli bezatilgan dasturxon”, “Eng qiziqarli sahna koʻrinishi” shartlari gʻoliblari aniqlandi. Harbiy xizmatchilarning farzandlari esa rasm chizish, shaxmat-shashka, stol tennisi, darts, badminton yoʻnalishlarida oʻzaro bellashdilar.

Tadbir yakunida sovrindorlar diplom va Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti