Mahalla yoshlari Qurolli Kuchlar akademiyasi mehmoni boʻlishdi

0
3238

Mahalla yoshlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida joylarda “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, 18-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Respublika Harbiy prokuroraturasi, Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanlari hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi bilan hamkorlikda “Ochiq eshiklar kuni” va “Abdulla Oripov izdoshlari” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Nafosat” mahalla yoshlari hamda 256-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Respublika harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi Sh.Hayitov tomonidan milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar va Qurolli Kuchlar akademiyasiga kirish tartibi boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Shundan soʻng oʻquvchi-yoshlar uchun ekskursiya tashkil etildi.

Tadbir davomida oʻquvchi yoshlarga Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan sharoitlar, jumladan, oʻquv jarayonida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan foydalanib kelinayotgan oʻquv xonalari, axborot-resurs markazi, kursantlarning yashash sharoitlari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixi muzeyi haqida maʼlumotlar berilib, Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati aks ettirilgan hujjatli film namoyish etildi.

Tadbir soʻngida tashkil etilgan suhbat jarayonida yoshlar mazkur akademiyaga uyushtirilgan sayohat ularning qalbida harbiylik kasbiga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishda ahamiyatli boʻlganligini taʼkidlab oʻtishdi.

Mayor Boburmirzo SOLIYEV