Qoʻmondon yosh vatanparvarlarning kelgusi rejalarini oʻrgandi

0
3016

Navoiy garnizonidagi harbiy qismda tashkil etilgan “Yosh vatanparvarlar yigʻini” ishtirokchilarining harbiy qismda olgan taassurotlarini bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda dastlab okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov yoshlarga muddatli harbiy xizmatga borish, kontrakt asosida harbiy xizmatda qolish va oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish tartibi, shuningdek yurt himoyachilariga yaratilgan imtiyozlari va ularning erishayotgan yutuqlari yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi.

Ushbu maʼlumotlar yigʻin davomida harbiy xizmatda qolish istagida boʻlgan yoshlarning shijoatini oshirib, ularni yanada ruhlantirdi.

Shundan soʻng qoʻmondon yoshlarning yigʻin davomida olgan taassurotlari, olgan bilimlari, erishgan yutuqlari bilan qiziqib, yoshlarga soʻz berdi.

Birin-ketin soʻzga chiqqan yoshlar kasb-hunar oʻrganib, tartib-intizomga koʻnikkanligini, tinchlikning va ota-onasining qadriga yetganligini va eng muhimi, har bir kunning har bir daqiqasini gʻanimat bilib, undan toʻgʻri foydalanish kerakligini anglaganlarini bildirib oʻtishdi.

Uchrashuv davomida yigʻinda ishtirok etayotgan yoshlardan 9 nafari kontrakt asosida harbiy xizmatda qolishga, 17 nafari esa kelgusi mavsumda muddatli harbiy xizmatga borish istaklarini bildirishdi.

Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagini bildirgan hamda jismoniy, axloqiy-ruhiy jihatdan yuqori koʻrsatkichlar qayd etgan yoshlarga javoban qoʻmondon alohida ishchi guruh ishlashi va ularning kontrakt asosida xizmat qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini takidlab, viloyat va tuman mudofaa ishlari xodimlariga alohida vazifalar belgilab berdi. Bu esa oʻz navbatida “Men harbiy boʻlaman va Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilaman”, degan yoshlarni yanada ruhlantirdi.

Uchrashuv yakunida yoshlarning kelgusidagi faoliyati alohida muhokama etilib, ularning oʻrgangan kasb-hunarlari boʻyicha shart-sharoitlar yaratish hamda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarida amaliy yordam berilishi boʻyicha tegishli tushuntirishlar berildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati