Zabardast adib va faylasuf shoir

0
209

Gʻafur Gʻulom XX asr oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan betakror isteʼdod sohibidir. Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi boʻlgan bu ulkan sanʼatkor oʻzining serqirra ijodi va faoliyati bilan milliy adabiyot rivojiga, oʻzbek xalqi madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga juda katta hissa qoʻshdi. Alloma shoir ijodi va faoliyatini oʻrganishda mustaqillik yillarida katta sharoitlar yaratildi.

XX asrning 30 yillari mamlakat maʼnaviy-ijtimoiy hayotidagi hodisalar, albatta, soʻz sanʼatida ham oʻz aksini topgan edi. Chunki bu davrda totalitar rejimning adabiy siyosati eng avj pallasiga koʻtarilgan edi. Ana shunday sharoitda, mashʼum 36-37 yillari matbuotda zamona siyosatiga mutlaqo boʻysunmagan, oʻjar, erkin, asov bir ruhdagi “Shum bola” asarining paydo boʻlishi mislsiz hodisa edi. Qissada qalamga olingan xalq hayotining bir qarashda uncha muhim boʻlib tuyulmagan gʻaroyib lavhalar tasviri, bir chekkasi oʻsha kezlarda urf boʻlgan siyosatbozlikdan zada boʻlgan koʻngillarga orom, oʻzgacha kayfiyat baxsh etadi, ozgina boʻlsin zamona tashvishlaridan chetga tortganday boʻladi. Aslida shunchaki hangoma, oldi-qochdi sarguzashtlardan iboratday tuyulgan tasvir zamirida juda muhim va teran insoniy, ijtimoiy maʼno mujassam. Goʻyo bu qissa qoliplarga tushmaydigan bebosh hikoya tarzi bilan oʻsha kezlarda yaratilgan soxta, oʻta mafkuralashtirilgan asarlarga oʻziga xos parodiya-kinoya kabi tuyuladi. Adib bosh personaj – Shum bola (darvoqe, Gʻafur Gʻulom asar qahramoniga ism bermaydi, biz oʻrgangan Qoravoy esa shu nomli film suratga olinayotganda ilk bor ishlatiladi) panasida turib, bu foniy dunyoning telba-teskari ishlarini yuqoridan xiyol kulib kuzatib boradi. Shuning uchun ham bu asardagi dialoglar tezlikda xalq tiliga koʻchib oʻtadi. “Xoʻsh, innankeyinchi” iborasini tilga olmagan kishi boʻlmasa kerak.

Bosh qahramon obrazida turmushning achchiq sinovlari, uning turli xil holatlarga tushib qolishi va shumligi sababli osongina chiqib ketishi, oʻzining “zukkoligi” har qanday vaziyatda oʻsmir bolaning hayotiy muammolarni yengib ketishi koʻrsatilgan. Mazkur asar qaysidir maʼnoda adibning bolalikdagi xotiralarini qamrab olgandek tuyulsa, aslida unda oʻsha davr milliy hayot tarzi ifodasi, umuminsoniy qadriyatlar va qarashlar oʻz aksini topgan. Voqeaband holatlarda milliy anʼanalarda saqlangan oʻyinlar, urf-odatlar, qadimgi qoʻshiqlarimiz, joylarning oʻziga xos tasviri toʻliq ifodalangan. Asarda ishtirok etgan har bir qahramonning oʻziga xos oʻrni bor, har biri bir turkum individ – oʻz xarakteri, hayotiy epizodi, ruhiy kechmishlarga boy.

Akademik Gʻafur Gʻulom yuksak salohiyatli ijodkor boʻlib, nafaqat atoqli shoir va adib, balki zabardast adabiyotshunos olim, hozirjavob munaqqid ham edi. Uning xalq ogʻzaki ijodiga, mumtoz adabiyotimiz tarixiga hamda zamonaviy oʻzbek adabiyoti taraqqiyoti, adabiyotning nazariy masalalariga, oʻzaro taʼsir va anʼanalarga doir qarashlari, kuzatuv va xulosalari oʻzbek adabiyotshunosligi, tanqidchiligining eng muhim, dolzarb, ayni chogʻda istiqbolli yoʻnalishlarini rivojlantirishga xizmat etdi.

Olimning birgina Muqimiy ijodiga oid qarashlari yoki uning Roʻzimuhammad ismli jiyani oʻrtasidagi yozishmalar masalasining ilk bor Gʻ. Gʻulom tomonidan koʻtarib chiqilganligi yoki “Ikki Mashrab” yoki “Atoyi emas, Otoyi” maqolalari, shuningdek, Alisher Navoiy haqidagi qarashlari hali hamon oʻz qimmatini saqlab kelmoqda.

Aytish mumkinki, Gʻafur Gʻulom oʻzining eng yaxshi sheʼrlarini bolalar va oʻsmirlar uchun bagʻishlagan: “Ikki bolalik”, “Bilaman”, “Seni Vatan kutmoqda”.

Urush yillarida Gʻafur Gʻulom “Sen yetim emassan”, “Seni kutyapman, oʻgʻlim!”, “Vaqt”, “Kuzatish”, “Ayol”, “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak” kabi ajoyib sheʼrlar yaratgan. “Seni kutyapman, oʻgʻlim!” sheʼrida shoir front ortida oʻzlarining qahramonona mehnatlari orqali dushman ustidan gʻalabani yaqinlashtirgan otalarning sabri va kuchini madh etadi.

Mushkul kunlarda insonlarning bolalarga boʻlgan muhabbati buyuk maʼno kasb etgan. Bu ota-onasini yoʻqotib, oddiy odamlarning sidqidildan qilgan gʻamxoʻrligi haqida soʻz boruvchi ajoyib “Sen yetim emassan” sheʼrida yaqqol seziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Gʻafur Gʻulom ham nasrda, ham nazmda birdek mehnat qilib, oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan zabardast siymolardandir. Uning boy adabiy merosini oʻrganish va tatbiq etish bugungi avlod oldida turgan muhim vazifalardan biri.

Malohatxon XOʻJAYEVA, Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi