Oltinsoyda xalq sogʻingan bayram oʻzgacha nishonlandi

0
5107

Navroʻz – yangilanish, poklanish, yasharish, yuksalish bayrami. Folklor-etnografik jamoalarning rang-barang ashula va raqslari, shoʻx yallalarda, polvonu chavandozlar chiqishida navroʻzning xilma-xil va noyob qirralari namoyish etiladi.

Afsuski, donishmand xalqimiz har doim ham bu bayramni keng miqyosda nishonlash baxtiga muyassar boʻlmagan. Ayniqsa, navroʻzga joziba beruvchi baxshilar sobiq shoʻrolar davri mafkurasi ostida koʻp tazyiqlarni boshidan kechirdi. Hatto katta-kichik davralarda baxshilarni “baqiroq chol” sifatida talqin qiluvchilar ham boʻldi.

Alpomish yurti Surxondaryoda navroʻz tantanalari oʻzgacha nishonlanishini koʻpchilik biladi. Oltinsoy tumanidagi Qorliq mahallasi adirligida oʻtgan navroʻz sayli yuzlab yurtdoshlarimizning ushbu bayramga boʻlgan yuksak ehtiromi, sogʻinchini ifodalab berdi.

Toʻrt tomoni togʻlarga tutashib ketuvchi qirlar bagʻrida oʻtovlar tikildi. Xalq oʻyinlari, baxshilar aytishuvi, varrak uchirish, milliy kurash… xullas, oʻzbekning oʻzligini namoyon etuvchi madaniyat namunalari… Qay bir keksa momo bilan yuzlashmang, navroʻz xususida oʻzgacha rivoyatlar, afsonalar aytib beradi. Gap orasida chanqovuzini olib, eski xalq ohanglarini ruhiyatingizga olib kiradi.

Ushbu sayl har yili oʻziga xos tarzda oʻtsa-da, bu yilgisi doimgilardan ajralib turdi. Goh qir yuzini mayin yomgʻir silab oʻtadi, goh quyosh bulutlar orasidan moʻralaydi.

Xalq bayramni maroq bilan kuzatar ekan, ayniqsa harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan chiqishlar olqishlarga koʻmilib ketdi. Xayrobod garnizoniga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari, faxriy qorovul, harbiy orkestr chiqishlari barchaning diqqatini bir nuqtaga jamlay oldi.

Kutilmaganda doʻmbirasini sozlab: “Baxshining bolasi baxshi boʻladi, Yaxshining bolasi yaxshi boʻladi”, – deya davraga chiqqan havaskor harbiy baxshi – kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Rustam Bakirov aytimlaridan qir-adir birday larzaga keldi. Chunki xalq koʻpdan buyon baxshi xonishlarini sogʻingan edi. Qarsaklar davomli boʻldi. II darajali serjant Oybek Daminovning farzandi 6 yoshli Muhammadjon Xushmurodov shunday shoʻxchan kuyladiki, joʻr boʻlmagan, oʻynamagan odam qolmadi hisob.

Adirning har chekkasida tikilgan oʻtovlar milliy tariximiz, anʼanalarimiz haqida hikoya qiladi. Undagi soʻzanalar, naqshlar jozibasi, milliy hunarmandchilik namunalari surxon etnomadaniyati silsilasini koʻrsatib turardi.

Xullas, navroʻz xalq oʻyinlari, xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan xalq bayramiga aylanib ketdi. Qolgan lavhalar haqida endi suratlar soʻzlasin…

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti