Muzaffar taekvondochilarimiz munosib kutib olindi

0
2771

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Tehron shahrida oʻtkazilgan “Osiyo taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi” musobaqasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan taekvondochilarimiz tantanali kutib olindi.

Terma jamoamiz mazkur musobaqada umumiy 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medallariga ega chiqdilar. Soʻnggi kunda 8 nafar taekvondochimiz dayanga chiqib, ularning yarmi shohsupaga koʻtarildi.

Quvonarlisi, -68 kg vazn toifasida “Tokio-2020” Olimpiadasi chempioni, Mudofaa vazirligi sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Ulugʻbek Rashitov finalga yana bir hamyurtimiz Diyor Tuxliboyev bilan birga yetib keldi. Rashitov oltin, Tuxliboyev kumush medal sohibiga aylandi. Xuddi shu vaznda oʻzbekistonlik Najmiddin Qosimhojiyev bronza medaliga ega boʻldi.

Bundan tashqari ushbu musobaqada Mudofaa vazirligi sport markazi sportchilari -63 kg. vaznda Niyaz Poʻlatov kumush, -74 kg. vaznda Jasur Jaysunov hamda -87 kg. vaznda Nikita Rafalovich bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.

Sportchilarni kutib olish marosimida Mudofaa vazirligi, mamlakatimiz taekvondo WT assotsiatsiyasi va taekvondochilarimizning yaqinlari ularni mazkur musobaqada qayd etilgan natija bilan tabriklab, keljakdagi faoliyatlarida yorqin gʻalabalar tiladi.

Shahzoda ABDULLAYEVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti