Nukusda Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston kubogi va chempionati boshlandi

0
666

Bugun, 9 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Turon” markaziy stadionida sportning Regbi-7 turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi va chempionati bahslarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida qalblarni g‘urur va iftixorga to‘ldirib O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Regbi federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Norboyev, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rasul Zarekeyev hamda boshqalar shiddatli sport musobaqasi ishtirokchilarini qutladi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalar yosh va umidli sportchilarimizning jahon sport arenalarida munosib ishtirok etishlari uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, 9-10 oktyabr kunlari Nukus shahrida o‘tkazilayotgan yana bir nufuzli musobaqa – aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo chempionati bahslarini kuzatish uchun Qoraqalpog‘istonga kelgan Xalqaro aralash jang san’atlari (MMA) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun Regbi-7 musobaqasining faxriy mehmoni sifatida ishtirok etdi. Xorijlik mehmon mamlakatimizda sportni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, ishtirokchilarga zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning faxriy qorovuli tomonidan qurol bilan saf elementlari namoyishi, Milliy gvardiyaga qarashli bo‘linmaning qo‘l jangi ko‘rgazmasi bilan chiqishlar boshlandi.

 

Sportchilar va yoshlarning ko‘rgazmali namoyishlari, ijodiy jamoalarning ohanrabo milliy raqslar sadosi ostiga chiqishlari, qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga hush kayfiyat ulashdi.
Eslatib o‘tamiz, zamonaviy Regbi o‘yini 1823 yilda Angliyada paydo bo‘ldi. 1888 yilda Regbi bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘tkazildi. 1900, 1908, 1920, 1924 yilda Regbi Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritildi.
O‘zbekistonga regbining kirib kelishining rasmiy tarixi 1969 yildan boshlanadi. Bu vaqtgacha bu sport turi tashabbuskorlari o‘zaro yig‘ilishib, turli yalangliklarda o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazib keldilar.
Regbining ikkinchi tug‘ilish yili sifatida 2001 yilni hisoblash mumkin. Regbi faxriylari va qolgan murabbiylardan iborat tashabbus guruhi yaratildi, u O‘zbekistonda regbini qayta tiklashga qaror qildi.


Bu yilgi chempionat bahslari bundan bir necha oy oldin boshlangan. 1-tur musobaqalari Toshkent shahrida, 2-tur musobaqalari Toshkent viloyatida hamda yakuniy 3- tur bahslari xozirgi vaqtda Nukus shahrida o‘tkazilmoqda. Jamoalar o‘rtasida g‘olib va sovrindorlarni aniqlash uchun har bir turdagi ishtirokida yig‘ilgan ochkolar umumlashtirilib, hisoblanadi.
Nukus shahrida o‘tkazilayotgan musobaqalarda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Navoiy viloyatlaridan ayollar va erkaklar jamoalari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Mudofaa vazirligidan bu safar Toshkent va Sharqiy harbiy okruglardan ikkita jamoalari qatnashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligiga qarashli Sharqiy harbiy okrugning “Jasorat” jamoasi mana besh yildirki Regbi-7 bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlarida g‘olib bo‘lib kelmoqda. Jamoa bu safar ham g‘alaba nashidasini quchishni maqsad qilmoqda.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mayor Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i.