“Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati yoshlarga targʻib qilindi

0
3002

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan 2-sonli kasb-hunar taʼlimi maktabi binosida ushbu taʼlim muassasasi hamda tumandagi 1-sonli umumtaʼlim maktabining 10-11-sinf oʻquvchi yoshlari bilan “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida  uchrashuv oʻtkazdi. Tashkil etilgan mazkur tadbirda Uzun tumani hokimligi xodimlari hamda oʻqituvchilar ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev oʻquvchi yoshlarga bugungi kunda harbiy xizmatni oʻtash boʻyicha kiritilayotgan yangiliklar, Mudofaa vazirligida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek shu yilning 2-mart kuni eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorning mazmun-mohiyati haqida maʼlumotlar berib, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining asosiy taʼsischisi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanishini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻtkazilgan uchrashuvda vazir oʻrinbosari “Malandiyon” mahallasi yoshlar yetkachisi Muhiddin Meliqulovni suhbatga tortib, unga oʻz faoliyati toʻgʻrisida yoshlarga gapirib berishini taklif qildi. Suhbat yakunida polkovnik Hamdam Qarshiyev har bir yosh kelajakda Muhiddin Meliqulov singari boʻlib yetishish uchun intilishi kerakligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Uchrashuv qizgʻin savol-javoblarga ulanib ketdi. 2-sonli kasb-hunar taʼlimi maktabi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi Ilhom Joʻrayev oʻz soʻzida tashkil etilgan tashrif hamda berilayotgan zarur maʼlumotlar uchun mudofaa vaziri oʻrinbosariga oʻz minnatdorchiligini bildirib, oʻquvchilari orasida oliy harbiy taʼlim muassasalariga topshirmoqchi boʻlganlar ortib borayotganligini gʻurur bilan maʼlum qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti