Oʻzbekiston razvedkachilari Pokistonda oʻtkazilgan xalqaro musobaqada rekord natija bilan gʻolib boʻlishdi

0
4835

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasi hududida joriy yilning 1-martidan boshlangan V Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida ishtirok etdi.

Mazkur musobaqada Oʻzbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrogʻini Pokistonda baland koʻtarishga muyassar boʻlib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy olishdi.

Musobaqa Pokiston Islom Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli 22-armiya korpusi Terrorizmga qarshi kurashish milliy oʻquv markazi (Pabbi sh.) bazasida oʻtkazildi. Unda 9 ta davlatdan Marokash, Iordaniya, Keniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka, Nepal va Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek Pokiston Islom Respublikasidan 8 ta razvedka guruhlari, jami 16 ta razvedka jamoalari oʻzaro bellashishdi.

Musobaqa jarayonini Tojikiston, Qozogʻiston, Bahrayn va Xitoy davlatlarining Qurolli Kuchlar vakillari kuzatib bordi.

Musobaqa shartlariga koʻra, jamoalar 80 km gacha boʻlgan marshrutning 6 ta nazorat nuqtasida azimut boʻyicha harakatlanib, nazorat nuqtalarida taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirgʻin qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek kutilmagan testlarni yechish mashqini bajardilar.

Musobaqa davomida mamlakatimiz harbiy jamoasi oʻzining jipsligi va qoʻyilgan vazifalarni yuqori saviyada bajarishi bilan ajralib turdi, ayniqsa yakka tartibdagi mutaxassislik tayyorgarligi boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvlarda, yaʼni guruhning radiotelefonisti, muhandisi, mergani va feldsher kabi razvedkachilari yuqori natijalar koʻrsatishga muyassar boʻlishdi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi qurʼaga binoan birinchi nazorat nuqtasidan 10 boʻlib harakatlanishni boshlagan boʻlsa-da, jasorat va matonat bilan ushbu musobaqaning uchinchi nazorat nuqtasiga qolgan jamoalardan 6 soat oldin yetib bordi va eng yuqori (2 850) ballni qoʻlga kiritdi.

Musobaqa yakunida, Pokiston Islom Respublikasi quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni general-mayor Adnan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilarining jismoniy va professional tayyorgarligini alohida taʼkidlab, “Men Oʻzbekiston jamoasi kuchli ekanligini bilardim va 1 oʻrinni egallashiga shubham yoʻq edi” – deb jamoa guruhining harakatlari turli ekstremal sharoitlardagi nostandart qaror qabul qilish kabi harakatlarini yuqori baholadi.

Musobaqa yakuni boʻyicha:

  • 1-oʻrin – Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi (2 850 ball);
  • 2-oʻrin – Marokash jamoasi (1 860 ball);
  • 3-oʻrin – Shri-Lanka (2 010 ball) va Saudiya Arabistoni (1 900 ball). Shri-Lanka va Saudiya Arabistoni jamoalariga jarima ballar belgilanganligi sabali 3- oʻrin berildi.

Xalqaro musobaqaning yopilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda gʻolib jamoa va sovrindorlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlandi.

Mazkur musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi aʼzolari oʻzlarini Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanliklarini yaqqol namoyish etishdi. Oʻzbek razvedkachilari oʻzlariga bildirilgan ishonchini toʻliq oqladilar. Gʻalaba muborak, oʻzbek oʻgʻlonlari!

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti