Sharqiy harbiy okrugida IIO xodimlari uchun o‘quv-amaliy kurslar boshlandi

97

Sharqiy harbiy okrugining Farg‘ona garnizonida Ichki ishlar organlari xodimlari uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-amaliy kurslarining boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni L.Buzrukov, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik R.Mamatov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni o‘quv amaliy kurslari boshlanishi munosabati bilan qutladilar. 

Tinglovchilarning ikki hafta davomida ta’lim olishlari uchun harbiy qismda barcha sharoitlar yaratilgan. Binolarda rekonstruktsiya va ta’mirlash ishlari olib borilgan, o‘quv-amaliy kurslari ishini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-hayotiy sharoitlar hamda o‘quv-moddiy baza yaratilgan. Dars jarayonlariga malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 15—16 noyabrdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Xavfsiz shahar” kontseptsiyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu tashkil etilgan kurslarning asosiy maqsadi huquq-tartibot idoralari xodimlarining ma’naviy vatanparvarlik tarbiyasi samaradorligini yanada oshirish, tinchlikni saqlash borasida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari orasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqimizning tinch-totuv turmushini ta’minlashda shaxsiy mas’uliyatni shakllantirishdan iborat.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati