Harbiy xizmatchilar “Qamchiq” dovonida “Sharaf lentalari”ni ulashdi

83

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari “Qamchiq” dovonida joylashgan tunneldan o‘tayotgan yo‘lovchilarga “Sharaf lentalari”ni tarqatdi.

Shuningdek, tadbir davomida Ikkinchi jahon urushi davriga oid va zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘l jangi elementlari namoyish etilgan bo‘lsa, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Maxsus palatkalar ostida dovondan o‘tayotgan yo‘lovchilar uchun tashkil etilgan harbiy xizmatchilar tushligi esa alohida e’tirofga loyiq.

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan butun respublika bo‘ylab O‘zbekiston bayrog‘i tasviri tushirilgan “Sharaf lentalari”ni tarqatish marosimlari o‘tkazilmoqda. Mazkur aktsiyalar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga hurmat va yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Poytaxtimiz markazida Qurolli Kuchlar akademiyasi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari tomonidan ham shu turdagi lentalar aholi gavjum joylarda tarqatildi.

Samarkand shahrida ham Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari “Xotira maydoni”ga tashrif buyurganlar ko‘ksiga lentalarni taqib qo‘ydi.

 

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati