O‘zbekistonlik harbiy uchuvchilar va qutqaruvchilar bir fuqaroning hayotini saqlab qoldi

106

22 aprel kuni navbatchilik qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali tomonidan traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan og‘ir ahvoldagi fuqaroga yordam ko‘rsatish zarurligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro boshqaruvidagi traktori bilan dala maydoniga ekin ekish vaqtida, surunkali yomg‘ir yog‘ishi ta’siri hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, traktor bir necha marta ag‘darilib ketgan.

Natijada, og‘ir tan jarohati olgan B.M. Oqqishloq aholisi tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qishloq vrachlik punktiga olib borilgan. Mutaxassislar tomonidan jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazish kerakligini aytgan.  Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, shuningdek, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi uzoq masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagan.

Shu sababli  Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga tegishli MI-171 vertolyoti ajratilib,  fuqaro B.M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga etkazilgan.

Bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazilgan. Hozirda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati