O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tabrigi

283

O‘rtoq askarlar, serjantlar, ofitserlar va generallar!

Hurmatli Qurolli Kuchlar xizmatchilari va faxriylari!

Tabiat uyg‘onib, atrof yashil libosga burkanib borayotgan shu kunlarda yasharish va yangilanish fasli, hayot gultoji, insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘zi olam yurtimizga kirib kelishi bilan barchangizni, sizlarning timsolingizda oila a’zolaringizni chin qalbimdan tabriklayman.

Navro‘z barchamiz uchun necha ming yillik tarixga, qadimiy asl milliy, har qanday siyosatdan yiroq sharqona yangi yil bo‘lib, el-yurtimiz tabiatiga ongu-tafakkuriga chuqur singib ketgan eng sevimli bahor bayramidir.
U ajdodlarimizning tabiatni, dunyoni, koinotni, o‘zini-o‘zi anglashi bilan mehnat jarayonlari negizida shakllanib, taraqqiyot bosqichlarida xalqimizning turmush tarzi, e’tiqodi, milliy qo‘shiqlari, o‘yinlari, tomoshalari, marosimlari bilan badiiy-estetik ravishda rivojlanib borgan. Mazkur bayramdagi udum va an’analarning har biri o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etgan bo‘lib, zamirida ajdodlarimizning ezgu maqsadlari yotadi.

Tarixdan Navro‘z faslida turli nizo va adovatlar unutilib, odamlar, millat va elatlar o‘rtasida mehr-oqibat, sahovat, hamjihatlik kabi insoniy tuyg‘ular yanada kuchayadi. Navro‘zi olamning bu olijanob qadriyati harbiy xizmatchilarni bektakror O‘zbekistonda tinchlik va millatlararo totuvlikni saqlash, mamlakatimiz xavfsizligi, chegaralarimiz daxlsizligi, bunyodkor xalqimizning osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga undovchi muhim vosita ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan umumxalq sayllari shaklida o‘tayotgan mazkur bayram harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama barkamol, ma’naviy yetuk, vatanparvar, mehnatsevar qilib tarbiyalashga, ularning dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan.

Navro‘z har yili yurtimizga rizq-ro‘z, tinchlik, omonlik, baxtu-iqbol, qut-baraka olib kelmoqda. Navro‘z o‘zining ana shu ezgu xislatlari bilan barcha yoshlarni, harbiy xizmatchilarni yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, mehr-oqibat, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni himoya qilishga, sarhadlarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrashga, Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va qudratini oshirishga alohida ahamiyat berishni taqozo etadi.

Barchangizni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin yurakdan tabriklab, sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu va xayrli ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yo‘lida olib borayotgan faoliyatimiz Vatanimizga tinchlik, baxtu saodat, obodlik va farovonlik olib kelsin.

General-mayor Abdusalom AZIZOV,

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri