Zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash fakulteti kursantlari Vatanga qasamyod qabul qildi

0
660

Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakultetida ikkinchi bosqich talabalari keng jamoatchilik oldida tantanali ravishda Vatanga qasamyod qildi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati, fakultet o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar ishtirok etib, talabalarni samimiy qutladi.

Ushbu qasamyod yurt posbonining ona Vatanga sodiq boʻlishga bergan muqaddas onti, uning har bir soʻzi er yigitga xalqimiz, Prezidentimiz oldida mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligining ishonchli himoyasi uchun yuksak masʼuliyatni eslatib turishi taʼkidlandi.

Mazkur fakultet ham oliy ta’lim muassasalari bazasida tashkil qilinadigan harbiy o‘quv va ma’muriy bo‘linma hisoblanib, ushbu ta’lim muassasasida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi bo‘limda o‘qiydigan talabalar orasidan zaxiradagi ofitserlar tayyorlash maqsadida uzluksiz o‘quv-tarbiyaviy jarayonlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Bugungi tantanali tadbirda Vatanga qasamyod qilgan yuzdan ortiq talabalar yana bir yil davomida ustoz va murabbiylaridan bilim va ko‘nikmalarni egallab, yurtimiz uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishadi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati