“ArMI-2020”. O‘zbekistonliklar jamoaviy bahslarda ham tengsiz

8

31 avgust kuni «Forish» tog‘ poligonida “ArMI-2020” VI Xalqaro armiya o‘yinlari «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovining so‘nggi sharti bajarildi. «Jamoaviy birinchilik» doirasidagi bellashuv xalqaro musobaqaning shu kunga qadar o‘tkazilganlari orasida eng shiddatlisi va tomoshabopi bo‘ldi. Qolgan jamoalarning tayyorgarligini munosib e’tirof etgan holda ta’kidlash joizki, shu kuni ham eng yuqori natija uchun asosiy raqobat mezbonlar va rossiyaliklar orasida kechdi.

Harbiy-tibbiy ko‘pkurash musobaqasi shartiga ko‘ra, ishtirokchilar to‘siqlardan o‘tish, yaradorlarni jangovar texnikadan xavfsiz hududga olib chiqish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yaradorlarni suvli to‘siqdan olib o‘tish va evakuatsiya qilinadigan texnikaga joylashish kabi mashqlarni bajarishdi. «Individual mahorat» bosqichidan farqli ravishda bu erda jamoa har bir a’zosining roli, salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boisi, mashqlarning ko‘p qismi ishtirokchilar tomonidan parallel ravishda amalga oshirildi.

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, erkaklar bahslarida O‘zbekiston jamoasi 2572 ball bilan «Jamoaviy birinchilik» bosqichida tengsiz topildi. Asosiy raqobatchilar – rossiyaliklar 1513 ball to‘plab, finishda ikkinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinda Belorusь jamoasi – 814 ball.

Ayollar orasida ham yurtdoshlarimiz 1642 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.  Rossiya jamoasida 1452 ball. Belorusiyaliklar 554 ball bilan kuchli uchlikning quyi pog‘onasida.

Navbatdagi shartni ham o‘z foydasiga hal qilgan, ishonchli g‘alabaga erishgan o‘zbekistonlik harbiy tibbiyotchilar 2019 yilda «Forish» tog‘ poligoni ilk bor mezbonlik qilgan «Harbiy-tibbiy estafeta»ning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘rnatilgan 07’35,9’’ (erkaklar) va 11’35,6’’ (ayollar) vaqtlik rekordlarni mos ravishda yangiladilar: 6’28,8’’ va 10’09,2’’.

Shu bilan «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga etdi. Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijaga ko‘ra, 12857 ball bilan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Rossiyaliklarda 10110 ball va ikkinchi o‘rin.

Belorusь jamoasi esa 6585 ball bilan sovrinli o‘rinni egalladi.

Keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi – Tojikiston, Vьetnam va Falastin.

Podpolkovnik To‘lqin Jumanazarov,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti