“ARMY-2020”. O‘zbekiston jamoasi yaqqol ustunlik qilmoqda

42

Mamlakatimizda ilk marta o‘tkazilayotgan bu yilgi Xalqaro armiya o‘yinlarining «Yo‘l patruli» musobaqasi yakunlanish arafasida va qolgan bitta shart bahslari oldidan O‘zbekiston jamoasi raqiblaridan yaqqol ustunlik bilan oldinda bormoqda.

Avtomobillarning avariyaga qarshi elementlarni bajarish, oldinga va orqaga spiral holatda harakatlanish, sakkizlik yo‘lkasidan o‘tish shartlari bo‘yicha Rossiya federatsiyasi jamoasidan 14 ochkoga o‘zib ketgan vakillarimiz birinchi kundanoq peshqadamlik mavqeini qo‘lga kiritishdi. Kecha bo‘lib o‘tgan yakkalik poygalaridan keyin esa mazkur ustunlik yanada mustahkamlandi va ochkolar farqi 24 taga etdi.

Musobaqaning uchinchi kuni qatnashchilar jamoaviy estafeta bahsida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Estafeta bahsida ham jamoalarning uchtadan vakili ikki aylanadan iborat belgilangan masofani bosib o‘tish jarayonini amalga oshirishdi. Birinchi aylanish davomida 27 darajali qiyalikdan o‘tish va nishablikda stop belgisida to‘xtab, orqaga harakatlanmagan holda yurishni davom ettirish, Makarov pistoletidan 50 metr masofadagi 3 ta nishonni mo‘ljalga olish, shartli bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish, olti metrli balandlikdan o‘tish, temir yo‘l kesishmasi oldida harakatlanish, maxsus qisqa yo‘laklarda avtomobilni ekstremal boshqaruv shartlari bajarildi. Ikkinchi aylanada birinchisidan farqli ravishda otish maydonchasida avtomatdan nishonlarni aniq mo‘ljalga olish va shartli yong‘inni bartaraf etish me’yorlari bajarildi.

Kapitan Mansurjon Akobirov, serjantlar Siddiq A’zamov va Farhod Musaev 37 daqiqa, 07.36 soniya vaqt bilan uchinchi shartda ham eng yaxshi natijani qayd etdi. Musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turgan Rossiya federatsiyasi jamoasi belgilangan masofani bosib o‘tishda raqibidan 3 daqiqadan sal kamroq vaqt sarfladi. Belarus Respublikasi sharafini himoya etayotgan harbiy inspektorlar marraga uchinchi bo‘lib etib keldi.

O‘tkazilgan uch kunlik bahslar natijasiga ko‘ra O‘zbekiston jamoasi raqiblaridan yaqqol ustunlik bilan oldinda bormoqda. Aynan shu holat yurt sharafini himoya qilayotgan o‘g‘lonlarimizga qolgan shartlar oldidan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun ruhiy dalda berishiga ishonib qolamiz.

Asror RO‘ZIBOEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti