Maʼnaviyat dargʻalariga ehtirom ramzi sifatida barpo etilgan maskan

50

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligining bir guruh harbiy xizmatchilari “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi.

Ushbu xiyobonni maʼnaviyatimiz dargʻalariga ehtirom ramzi sifatida barpo etilgan maskan, desak yanglishmaymiz. Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 24 nafar atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit meʼmoriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirilgan. Ha, bu xiyobon chin maʼnoda adabiyot, maʼnaviyat, maʼrifat va madaniyat maskanidir.

Tashrif davomida harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, uyushmaning adabiy tagʻibot va tadbirlarni uyushtirish boʻlimi boshligʻi Farogʻat Xudoyqulova hamrohlik qilib, xiyobonning barpo etilish tarixi va xalqimiz maʼnaviyatidagi oʻrni xususida soʻzlab berdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan sheʼriyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyilib, uning ummonlar qadar bepoyon ijodiy merosi haqida fikr yuritildi, ijodidan namunalar oʻqildi.

Shundan soʻng xiyobondagi atoqli namoyandlar xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmualari tomon yoʻl olindi. Farogʻat Xudoyqulova bu yerdagi adabiyot dargʻalarining ibratli umr yoʻllari va ijod namunalari haqida yurt posbonlariga batafsil soʻzlab berdi.

Adiblar xiyoboniga tashrif harbiy xizmatchilarda katta taassurot qoldirib, ezgu maqsadlar sari ruhlantirdi.

Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati