Tavsiyanoma – yoshlar uchun kelajakka mustahkam poydevor

1

Oʻz hayotini ona Vatan tinchligini himoya qilishdek ezgu ishga bagʻishlagan harbiy xizmatchilarning, qolaversa, ular oila aʼzolarining ham ijtimoiy himoyasi doimo davlatimiz va hukumatimiz eʼtiborida. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-3726-son qaroriga muvofiq harbiy xizmatchilarga farzandlari kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanomalar berilishi ham mustahkam ijtimoiy himoyaning bir namunasidir.

Kecha, 22-may kuni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlardan birida hududdagi harbiy qism harbiy xizmatchilarining farzandlariga ushbu tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirishga bagʻishlangan tadbir Termiz harbiy prokuraturasi bilan hamkorlikda boʻlib oʻtdi.

– Bugungi kun men uchun judayam quvonchli, unutilmas kun boʻldi, – dedi serjant Jamol Eshnazarovning farzandi Sojida Abdualimova. – Chunki dadamning kamtarona xizmatlarini eʼtiborga olib, menga ushbu tavsiyanomani berishganidan juda xursandman. Shu oʻrinda men bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimni bildirar ekanman, oʻz navbatida men ham albatta bu ishonchni oqlab, yurtimiz uchun kerakli kadr boʻlib yetishishga intilishimni bildiraman. Buning uchun Termiz Davlat universitetining biologiya fakultetiga oʻqishga topshirib, kelajakda sharafli oʻqituvchilik kasbi orqali davlatimiz rivojalanishiga oʻz hissamni qoʻshishni koʻzlayotganimni maʼlum qilaman.

– Hozirgi kunda 2019-yilda tavsiyanoma olgan koʻpgina harbiy xizmatchilarimizning farzandlari oliy taʼlim muassasalarida tahsil olib kelishmoqda. Bu oʻz navbatida harbiy xizmatchilarning porloq kelajakdan umidvor boʻlishlarini taʼminlab, ularga harbiy xizmati davomida katta kuch baxsh etadi, shijoat, ishonch bagʻishlaydi, – deydi harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi katta ofitseri podpolkovnik Soibjon Darmonov.

Harbiy okrug hududida shuningdek, xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan, yaradorlik yoki kasalliklar oqibatida nogiron boʻlib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanomalar harbiy qism qoʻmondonligi hamda mudofaa ishlari boshqarmalari vakillari tomonidan yashash uylariga olib borib berilmoqda.

Xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan katta leytenat Rustam Togayevning oila aʼzolari bugun Boysun tumanining togʻli qishloqlaridan birida istiqomat qilib kelyapti. Uning farzandi Gulassara Norqobilova shu yil maktabni bitiryapti. Gulassaraga imtiyozli tafsiyanoma oʻz yashash xonadoniga yetkazilib, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug masʼul ofitseri podpolkovnik Zufar Yusupov, Termiz harbiy prokuraturasi vakili, adliya mayori Gʻiyosiddin Raxmanov, Boysun tuman mudofaa ishlar boʻlimi vakili hamda mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash markazi yetakchi mutaxassisi Surayyo Gʻaziyevalar ishtirokida topshirildi.

Oʻylaymizki, koʻrsatilayotgan eʼtiboru gʻamxoʻrliklardan yoshlarimiz ham toʻgʻri xulosa chiqarib, bunga munosib boʻladilar.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati