Boʻlajak harbiy tibbiyotchilar dezinfeksiya ishlarida faol

1

Joriy yilning may oyi boshida Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omborida sodir boʻlgan texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etishda Qurolli Kuchlar tuzilmalarining barchasi hamjihatlikda harakat qilyapti.

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakultetining 20 nafardar ortiq kursant va ofitserlari ham Sirdaryo viloyatida talafot koʻrgan xonadon va koʻchalarni dezinfeksiya qilishda faol ishtirok etmoqda.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz boʻylab COVID-19 pandemiyasi bilan kurashish, virus tarqalish koʻlamini kamaytirish maqsadida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda barcha hududlarda dezinfeksiya boʻyicha maxsus taktik oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilyapti. Ana shunday oʻquv mashgʻulotlarida ham Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari jonbozlik koʻrsatishmoqda.

Jumladan, ular Toshkent shahridagi Yunusobod, Yakkasaroy, Chilonzor tumanlarida joylashgan savdo majmualari, koʻchalar, mahallalar, qoʻp qavatli binolar atroflarida profilaktik dezinfeksiya ishlarini olib borishyapti. Yosh harbiy tibbiyot mutaxassislari jamoat ishlarida ishtirok etayotganidan, xalqimiz, mamlakatimizga yordami tegayotganidan judayam mamnun boʻlishmoqda.

Podpolkovnik Rinat FATXUDDINOV