“Sirdaryoliklarga koʻmak” aksiyasida harbiylar ham faol

8

Sirdaryo viloyatida suv toshqinidan zarar koʻrgan aholiga koʻrsatilayotgan moddiy va maʼnaviy yordam yurtimizda har bir fuqaro davlat himoyasida ekanining yaqqol namunasidir.

Albatta, bu borada harbiy xizmatchilarning koʻmagini ham eʼtirof etish oʻrinli. Ularning aksar qismi jabrdiydalar xonadonlarida olib borilayotgan tozalash ishlari va yangi xonadonlarni qurishda ishtirok etayotgan boʻlsa, boshqalari koʻngilli ravishda suv toshqinidan talafot koʻrgan hamyurtlariga xayru saxovat koʻrsatmoqda.

Jumladan, Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli Qashqadaryo viloyatida joylashgan harbiy qism va uning tarkibidagi boʻlinmalar harbiy xizmatchilari hamda ularning oila aʼzolari tashabbus bilan chiqib, sirdaryoliklarga moddiy yordam koʻrsatish istagini bildirishdi. Ushbu tashabbusga asosan qoʻshilmada ishchi guruhi tuzilib, saxovat ishlari boshlab yuborildi.

Natijada yigirma million soʻmga yaqin pul mablagʻi ixtiyoriy ehson sifatida yigʻildi.

Ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyati boʻyicha sirdaryoliklarga moddiy yordam koʻrsatish uchun tuzilgan punkt masʼullari bilan kelishilgan holda, ehtiyojdan kelib chiqib, yigʻilgan mablagʻga yogʻ, guruch, shakar va makaron kabi oziq-ovqat mahsulotlari hamda yetti yuz nafardan ortiq yosh bolalar uchun turli kiyim-kechaklar xarid qilinib topshirildi.

Saxovat karvoni yoʻlga tushar ekan, yurt posbonlari va ularning oila aʼzolari vatandoshlar qaygʻusi ularning ham qaygʻusi ekanini aytib, sirdaryoliklar metin irodasi va qatʼiy matonati bilan ushbu sinovdan mardonavor oʻtishiga ishonch bildirdilar.

Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati