Samarqandda “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini boshlandi

0
930

Bugungi kunga kelib mamlakatimizning barcha hududlarida, xususan, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostidagi 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinlarini oʻtkazilishi anʼanaga aylandi.

Jumladan, Samarqandda “Yoshlar oyligi” doirasida ushbu yig‘inning navbatdagi mavsumi boshlandi. Samarqand harbiy maʼmuriy sektori, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan navbatdagi yig‘inga viloyatining turli hududlaridan yoshlar jalb etildi.

Yigʻinning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etib, yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilgani va ayni damda buning ijrosi butun respublikamiz boʻylab amalda ekanligini ta’kidlashdi. Mazkur yigʻin yoshlar uchun kutilmagan imkoniyatlar eshigini ochishi va ko‘plab sharoitlar yaratib berishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, tantanali tadbirda buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy,  Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Mirzo Ulug‘bek siymolari gavdalantirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Harbiy orkestr chiqishlari, xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va go‘zal raqslar yoshlarga dastlabki kundanoq xushkayfiyat ulashdi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va kasb-hunarga o‘qitish hamda malakali kadrlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan 10 kunlik yig‘inda ishtirokchilarga motivatsion treninglar, kasb-hunar sirlari, biznes saboqlari va tadbirkorlik ko‘nikmalari malakali mutaxassislar tomonidan o‘rgatiladi. Bundan tashqari, psixologik mashg‘ulotlar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, saf, jangovar tayyorgarlik hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar ham shular jumlasidan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting