“Doʻstlik-2023”: Hindistonda oʻtkazilgan hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlari yakuniga yetdi

0
1197

“Doʻstlik” hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlarining toʻrtinchisi ham yakuniga yetdi. Hindiston Respublikasining Uttarakxand shtatidagi Badlani qishlogʻida joylashgan 438-motooʻqchilar polkida boʻlib oʻtgan hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlari davomida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari oʻzaro uygʻunlikda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarida ishtirok etib, oʻzaro tajriba almashishdi.

Hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarining yakuniy qismida ishtirokchilar tomonidan ikki hafta davomida oʻzlashtirilgan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarining namoyishi tashkil etildi.

Unda ikki mamlakat harbiy xizmatchilari qoʻlbola usullarda portlatish, signal beruvchi vositalarni turli joylarga oʻrnatish, togʻ tayyorgarligi mashgʻulotidan skalodromda meʼyorlarni bajarish, qoyalarda har xil usullarda tushish va chiqish, sunʼiy togʻ toʻsiqli yoʻlagidan oʻtish, qoʻl jangi elementlarini qoʻllash, oʻrmonzor va togʻli joylarda hamda yopiq inshootlarda oʻq otish mashgʻulotlarini oʻtkazishni amalda koʻrsatib berishdi.

Hindistonliklar tomonidan oʻq otish va tibbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun yaratilgan oʻquv trenajyorlari, mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilayotgan va Hindiston armiyasida qoʻllanilayotgan kvadrakopterlar hamda ularga qarshi vositalar, tungi va kunduzgi kuzatish va masofa oʻlchash moslamalari, qurolli bosqinchini qurolsizlantirishga oʻrgatilgan xizmat itlari, shuningdek parvozdagi dronni urib tushirishga oʻrgatilgan burgutlarning xatti-harakati namoyish etildi. Ayniqsa, hind armiyasi vakillari tomonidan oʻrgatilgan lochinning boshiga oʻrnatilgan kichik hajmli videokamera yordamida 300-400 metr masofagacha uchishi davomida videotasvirni real vaqt mezonida monitorga uzatishi barchada qiziqish uygʻotdi.

Ikki davlat harbiy kontingenti tomonidan tungi vaqtda, koʻrish darajasi oʻta past vaziyatda shartli terroristik kuchlar joylashgan lagerga hujum uyushtirish boʻyicha oʻtkazilgan “Chaqmoq” operatsiyasining namoyishi ishtirokchilarning yuksak professional tayyorgarligini koʻrsatdi. Ushbu operatsiya tungi kuzatish moslamasi orqali masofadan oq-qora rangda onlayn efirga uzatildi.

Tantanali yopilish tadbirida ishtirok etgan Garhwal Rifles 32-polk qoʻmondoni brigadir Mayank Vaid Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi yaqin aloqalar va sherikchilik munosabatlari xalqaro maydonda ijobiy taassurot qoldirayotganini eʼtirof etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi harbiy kontingenti rahbari, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov oʻquv mashgʻulotlarini sifatli tashkil etish va oʻtkazish uchun barcha sharoitlarni muhayyo etgan Hindiston harbiy kontingenti rahbariga esdalik sovgʻalarni topshirdi hamda shundan soʻng ikki davlat harbiy hamkorligining mustahkamligi va oʻzaro aloqalarining ramzi sifatida ishtirokchilar jamoaviy suratga tushishdi.

Podpolkovnik Timur Narziyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti