O‘zbekistonlik kichik serjantning Ikkinchi jahon urushidagi jasorati

18

Turg‘un Ahmedov Sirdaryoning Mirzacho‘lida 1925 yilda tavallud topgan. 1943 yilda frontga otlanadi. Shijoati chaqnab turgan 18 yoshli yigit uchinchi Belorussiya frontining 169-gvardiyachi o‘qchi polkida jangga kiradi.

1944 yil 30 iyulda o‘zbekning mard o‘g‘loni jangda qahramonlarcha halok bo‘ladi. Stanokli pulemyot mo‘ljalga oluvchisi, gvardiyachi kichik serjant vafotidan so‘ng 1945 yilda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan mukofotlanadi.

Turg‘un xizmat qilayotgan 169-gvardiyachi o‘qchi polkiga Neman daryosini kechib o‘tib, g‘arbiy sohilidagi platsdarmni egallash vazifasi topshiriladi.

Daryodan kechuv boshlandi. Dushman anoyi emas. Pulemyot va minomyotlardan to‘xtovsiz ajal urug‘ini yog‘dirmoqda. Qayiqlar ag‘darilib, o‘q tegib, daryoga g‘arq bo‘layotganlar ohu zoriga toqat qilib bo‘lmaydi. Turg‘un bor kuchi bilan olg‘a intildi. Tezroq qirg‘oqqa chiqib olish, dushmanga qiron keltirib, safdoshlarining daryodan esom-omon kechuvini ta’minlash fikru xayolida. Aks holda bu qirg‘inbarotda ko‘plab do‘stlaridan ayriladi.

O‘zbek o‘g‘loni yetakchiligidagi pulemyot hisobi daryoni hammadan avval kechib o‘tdi. Mardlik, jasorat qonida bor-da. Darhol mustahkam pozitsiya egallab, fashistlarga o‘q yog‘dira boshladi. Bu esa jangchilarimizning birin-ketin sohilga chiqib olishiga imkon yaratdi. Dushman makkor. Shuning uchun ularni chalg‘itish maqsadida Turg‘un safdoshlari bilan pulemyot o‘rnini tez-tez almashtirdi. Shunda o‘ng tomondan fashistlarning ikki pulemyoti «sayray» ketdi. Daryoni kechib o‘tayotganlar ustiga ajal urug‘ini socha boshladi. Pozitsiyasini o‘zgartirgan kichik serjant Turg‘un Ahmedov javoban o‘q yog‘dirdi. So‘ngra sinchkovlik bilan atrofni kuzatdi. Dushman o‘t ochayotgan joylarni chamalab, aniqladi. Shunda ko‘zi transheya va istehkomlarga tushdi. Pulemyotni o‘sha tomonga to‘g‘riladi. Sherigi lentani to‘g‘rilab, o‘qlarni yetkazib berib turdi. Safdoshlari daryodan birin-ketin o‘ta boshlashdi. Yonidan yugurib o‘tib, qulay marralarni egallashdi.

Dushman avtomatchilari o‘zbek o‘g‘lonining o‘q yomg‘iriga dosh berolmadi. O‘ndan ortiq askari jasadini qoldirib, transheyalariga qochishdi. Bir mahal Turg‘unning yaqinida mina portladi. Yaxshiyamki jarohat yetmadi. Yigit sinchiklab kuzatdi. Olov sochayotgan minamyot batareyasi qayerda ekanligini ziyrak nigohi ilg‘adi. Pulemyotini dushman minamyoti batareyasi yaqiniga panalab, sudrab bordi. «Do‘stlarimga ajal urug‘ini sochayotgan senlarmi?» degancha dushmanga o‘q selini yog‘dirdi. Dushmanning o‘t ochish nuqtalari o‘zbek o‘g‘lonining mardonavor harakatlari tufayli so‘nayotganini sezgan gvardiyachi azamatlar dadil olg‘a intilishdi. Neman daryosidan ko‘p talafot ko‘rmay kechib o‘tishida pulemyotchi o‘g‘lonning ko‘rsatgan mardligiga qoyil qolishdi.

Neman daryosini kechib o‘tib, g‘arbiy qirg‘og‘ida platsdarm egallagani, u yerni qo‘ldan bermay jang qilgani, dushmanning yuzga yaqin askar va ofitserini hamda bir qancha o‘t ochish pozitsiyalarini yakson qilgani, qo‘shinlarimiz kechuvini ta’minlashdagi jasorati uchun SSSR Oliy Soveti prezidiumining 1945 yil 24 martdagi farmoni bilan gvardiyachi kichik serjant Turg‘un Ahmedovga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.

“Xotira” kitobi asosida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti tomonidan tayyorlandi