Bolajonlarga quvonch ulashildi

1

Yunusobod tumanida joylashgan 23-sonli mehribonlik uyida 200 nafar o‘g‘il-qiz bor. Ular bilan suhbatlashsangiz, ko‘zlariga boqsangiz, olamning, tiriklikning qadrini yana bir bor anglagandek bo‘lasiz.

Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy xizmatchilari bolajonlar holidan xabar olib, Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan «Konstitutsiya – mening faxrim» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbiri o‘tkazdi.

Unda Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi yoshlar bilan ishlash bo‘limi ofitserlari, Qurolli Kuchlar akademiyasi orkestri jamoasi, vazirlikning ma’naviyat-ma’rifat markazi ashula va raqs ansambli xonandalari hamda sport klubi vakillari ishtirok etdi.

Mehribonlik uyi hovlisini tutgan ashulalarga raqs tushgan bolajonlar quvonchiga beixtiyor sherik bo‘lasan kishi. Ular bilan tashkillashtirilgan sport musoboqasi ham ancha qizg‘in kechdi.

Tadbir so‘nggida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti