Qo‘mondon va senator ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

0
1247

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, senator Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, Muborak tumani hokimi Akrom Aripov, faxriy harbiylar hamda tumanda uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan nuroniylar ishtirok etdi.

“Milliy armiyamiz – yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida oʻtkazilgan muloqotda bir guruh harbiy xizmatchilar, oʻquvchi yoshlar hamda tuman ahlidan iborat 500 ga yaqin mehmonlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarimiz erishayotgan yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Yoshlarda sharafli harbiylik kasbiga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish maqsadida ularga berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. 

Shuningdek, oʻquvchilar ham rahbarlardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Ertamiz egalari tomonidan Vatanni madh etuvchi sheʼrlar oʻqildi, faol yoshlarga kitoblar sovgʻa qilindi.

Tadbir yakunida mehmonlar harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, yoshlar uchun tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati hamda qurol-aslahalar namoyishi bilan yaqindan tanishdi. Bu kabi uchrashuvlar inson qadrini ulugʻlash ustuvor maqsad etib belgilangan yangi Oʻzbekiston yoshlari qalbida Vatanga muhabbat hislarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati