Kursantlar o‘rtasida matematika fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazildi

1

O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Mudofaa vazirliklari tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari jamoalari o‘rtasida 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan matematika fani bo‘yicha VI xalqaro olimpiadasiga saralash bo‘yicha fan olimpiadasi o‘tkazildi.

G‘olib jamoa vakillari xalqaro musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

O‘tgan matematika fani bo‘yicha V xalqaro olimpiadada Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi qatnashib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

– Ushbu olimpiadada ikkinchi marotaba ishtirok etyapman. Xalqaro miqyosdagi musobaqa, albatta, hayajonli, mas’uliyatli. Ammo o‘ziga, bilimiga ishongan kursantlar hech narsadan hayiqmaydi. Birinchilik sari intilaveradi, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Sardor Ravshanov. – Agar temir ishlatilmasa, zanglaydi. Suv harakatlanib turmasa, ayniydi. Kishi fikrlamay qo‘ysa, miyada ham shunday holat yuz beradi. Shu ma’noda aql gimnastikasi bo‘lgan matematika biz, bo‘lajak Vatan himoyachilarining hayotida muhim ahamiyatga ega.

Nihoyat, yakuniy natijalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra yakkalik bahslarda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari Rasulbek Qadamboev birinchi hamda Bobur Abdurashidov ikkinchi o‘rinlarni, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Sardor Ravshanov esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Umumjamoa hisobida esa Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti 1-, Qurolli Kuchlar akademiyasi 2-, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari 3-o‘rinlarni zabt etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti