Harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida sport musobaqalari o‘tkazildi

4

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan tumandagi o‘quvchi yoshlarning jismoniy barkamolligini oshirish, ularni vatanparvarliq ruhida tarbiyalash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tumandagi 8 ta umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, tirdan otish turlari va tasviriy san’at bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Musobaqada harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari, tuman yoshlar ittifoqi a’zolari ishtirok etdi. Qizg‘in bahslar va raqobatga boy musobaqalar 100 dan ortiq o‘quvchi yoshlarni qamrab oldi.

Musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati