Shumanaylik yoshlar harbiy qism mehmoni

36

Nukus garnizoni harbiy qismlaridan biriga Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanidagi 14 va 8 sonli umumta’lim maktablaridan jami 72 nafar o‘quvchi ekskursiyaga keldi.

Harbiy qismda harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida kelgan shumanaylik yoshlarga ekskursiya davomida mayor Izzatulla No‘monxo‘jayev hamrohlik qildi.

Kelgusida harbiy xizmat yo‘lida sharafli kasbni tanlash istagi bor bo‘lgan yoshlar yotoqhona, oshxona, maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari, o‘quv sinflari va kutubxona, shuningdek, harbiy qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishishdi.

Ma’naviyat xonasida o‘quvchilar va askarlar suhbati ayniqsa, taassurotlarga boy bo‘ldi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida yoshlar bilan olib borilayotgan bu kabi tadbirlar muntazam ravishda uyushtirilib kelinmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarda, ayniqsa, yoshlarning keng jalb etilishi, nafaqat yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, balki harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati