Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ko‘chma eksponatlari Sergeli tumani yoshlariga namoyish qilindi

24

Sergeli tumanida joylashgan 300-umumta’lim maktabida “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi xodimlari, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sergeli tuman bo‘limi hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi. Tadbir boshida o‘zining namunali xulqi va bilimi bilan o‘quvchilarga o‘rnak bo‘lgan o‘quvchilarga kitoblar topshirildi.

Tadbir davomida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi mutaxassislari o‘quvchilarga ko‘chma muzey, u yerda saqlanayotgan harbiy kiyim-kechaklar, jangovar bayroqlar, qurol-yarog‘lar, arxiv kinofotomateriallari, hujjatlar, plakat, rasmlar va shu kabi noyob buyumlardan iborat boy kolleksiyalar haqida ma’lumotlar berishdi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Mazkur tadbir davlatimiz va jamiyatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni, navqiron avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yuksak vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, fuqarolik burchini, konstitutsiyaviy majburiyatlarni bajarishga tayyorgarlik tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti